Toshkent shahridagi Inha universitetining
2026-yil 17.08dagi 60-U-sonli buyrug’iga 1-ilova
Toshkent shahridagi Inha universiteti professor-o’qituvchilari va xodimlarining
ODOB-AXLOQ QOIDASI
Toshkent shahridagi Inha universitetining
2026-yil 17.09 60-U-sonli buyrug‘iga 1-ilova
Toshkent shahridagi Inha universiteti professor-o‘qituvchilari va xodimlarining
ODOB-AXLOQ QOIDASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu “Toshkent shahridagi Inha universiteti professor-o‘qituvchilari va xodimlarining odob-axloq qoidasi” (keyingi o‘rinlarda – Qoida deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentyabrdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi “Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” PF-5847-sonli Farmoni, 2026-yil 10-apreldagi “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-58-son Farmoni hamda boshqa qonun va qonunosti hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, barcha xodimlari (texnik yordamchi) kasbiy odob-axloqining tamoyillari, normalari, ta’lim jarayoni va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Odob-axloq qoidasining maqsad va vazifalari
Odob-axloq qoidasining maqsadlari:
- xodim va professor-o‘qituvchilar ma’naviy dunyoqarashini va madaniyatini milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirish;
- ta’lim muassasalariga oid odob-axloq tushunchasini shakllantirish va takomillashtirib borish;
- xodim va professor-o‘qituvchilarni universitet va uning qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalash;
- ta’lim muassasasida kiyinish, tashqi ko‘rinish va xulq-atvorga bo‘lgan talablarni o‘rnatishdan iboratdir.
Odob-axloq qoidasi vazifalari quyidagilardan iborat:
- universitetning xodim va professor-o‘qituvchilari o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirish;
- universitetda zo‘ravonlik, shafqatsizlik va behayolik kabi nomaqbul xatti-harakatlar bilan shug‘ullanish va targ‘ibot-tashviqot qilinishini oldini olish;
- turli salbiy illatlar va milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan g‘oya va qarashlar, ekstremizm, separatizm, fundamentalizm va “ommaviy madaniyat”ning ta’sir hamda xurujlarini targ‘ibot-tashviqot qilinishiga oid harakatlarning oldini olish;
- mazkur nomaqbul xatti-harakatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, bartaraf etish;
- xodim va professor-o‘qituvchilarda yuksak huquqiy ongni shakllantirish orqali O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga qat’iy rioya qilish ruhida tarbiyalash;
- xodim va professor-o‘qituvchilarda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini doimo hurmat qilish va himoya qilish ko‘nikmasini shakllantirish hamda yuksaltirish;
- xodim va professor-o‘qituvchilarda vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash;
- universitetda sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish va rivojlantirish;
- xodim va professor-o‘qituvchilarda tashqi ko‘rinishga oid madaniyatni shakllantirish uchun sharoitlar yaratish;
- universitetning davlat va jamiyat hayotidagi hamda ta’lim tizimidagi nufuzi, obro‘-e’tiborini asrab-avaylash va yanada oshirish.
3-modda. Qoidaning amal qilish doirasi
Ushbu Qoida universitetning barcha xodim va professor-o‘qituvchilariga nisbatan tatbiq etiladi.
2-bob. Qoidaning prinsiplari
4-modda. Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari xulq-atvorining asosiy prinsiplari
Mazkur Qoida qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, vatanparvarlik, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik, adolat, halollik va xolislik, samaradorlik va tejamkorlik prinsiplariga asoslanadi.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga so‘zsiz rioya qiladilar hamda o‘z xizmat va o‘qish majburiyatlarini lavozim yo‘riqnomalari, mehnat shartnomalari, ushbu Qoidasi, universitet Ichki tartib qoidalari hamda ta’limga oid boshqa me’yoriy hujjatlarga muvofiq bajaradilar.
6-modda. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi prinsipi
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari universitetning oliy qadriyati hisoblanadi. Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaydilar va bunday buzilishlar ro‘y bergan hollarda ularni tiklashga ko‘maklashadilar.
7-modda. Vatanparvarlik, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik prinsipi
Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari o‘z xizmat faoliyatlarini ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, Vatanga sadoqat, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik asosida jamiyatning universitetga bo‘lgan talabi va ishonchini ifodalagan holda amalga oshiradilar. Xodim va professor-o‘qituvchilar o‘z xizmat burchlarini o‘zaro xayrixohlik, o‘z manfaatlari va mafkuraviy qarashlaridan qat’iy nazar lozim darajada bajaradilar.
8-modda. Adolat, halollik va xolislik prinsipi
Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari o‘z xizmat faoliyatlarini amalga oshirishda adolatli, halol va xolis bo‘lishlari hamda universitetga, unga tegishli bo‘lgan saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu prinsip talablari asosida munosabatda bo‘lishlari shart.
9-modda. Samaradorlik va tejamkorlik prinsipi
Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari o‘z faoliyati samaradorligini innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish va boshqa yo‘llar bilan doimiy ravishda oshirib boradilar.
Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari, o‘z navbatida universitetning mulkiga, o‘zining va boshqa shaxslarning vaqtiga mas’uliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashadilar.
3-bob. Korrupsiyaga qarshi kurashish
10-modda. Korrupsiyaning har qanday shakl va ko‘rinishini qabul qilmaslik
Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari korrupsiyaning har qanday shakli va ko‘rinishini qabul qilmaydilar va uning biror-bir tarzda namoyon bo‘lishiga qarshi hamjihatlikda qonuniy choralarni ko‘radilar.
Xodim va professor-o‘qituvchilar korrupsiyaga qarshi kurashishlari va uning profilaktikasiga faol ko‘maklashishlari, shuningdek, universitet korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va boshqa korrupsiyaga qarshi kurashishga oid hujjatlar talablarini so‘zsiz bajarishlari, o‘z faoliyatlarini oshkora va adolatli amalga oshirishlari, yuqori axloqiy qadriyatlar va prinsiplarga sodiq qolgan holda qonun ustuvorligiga qat’iy rioya etishlari shart.
4-bob. Xodim va professor-o‘qituvchilarning yurish-turishi va rasmiy muloqotiga oid talablar
11-modda. Universitetda kiyinish va tashqi ko‘rinishga oid qoidalar
Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari o‘z kasbiga mos bo‘lgan zamonaviy kiyimda bo‘lishlari lozim.
Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari bo‘lgan xotin-qizlar tanani shaffof ko‘rsatib turadigan, yelka, ko‘krak va qorin, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan ziyod tor, e’tibor tortadigan kiyimda, ibodat liboslarida, shuningdek, quloqchinlar, quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli ko‘rinadigan qismlariga me’yordan ortiq taqinchoqlar yoki metall buyumlar taqishi, pirsing yoki tatuirovkada universitetga kelishlari mumkin emas.
Universitet xodim va professor-o‘qituvchisi bo‘lgan erkaklar yarim klassik va klassik uslubdagi kiyimda, sochi kalta (1 dan 7 santimetrgacha) qilingan va soqoli olingan (bir-ikki kunlik) holda kelishlari lozim. Xodim, talabaga professionallikka va tanlagan kasbiga xos tarzda kiyinish targ‘ib qilinadi.
Xodim va professor-o‘qituvchilarning auditoriya va xizmat xonalarida ustki kiyim (plash, palto, kurtka hamda bosh kiyim kabilar) da yurishlari taqiqlanadi.
Xodimlar va professor-o‘qituvchilarning tashqi qiyofasi va kiyimlari ozoda, pokiza bo‘lishi lozim.
Shuningdek, xodim va professor-o‘qituvchilarning universitetga kirib-chiqishi ruxsat etilgan formasiga turli din va konfessiyalar hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (kipa, kashaya, xoch, hijob va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dam olish kunlari (shanba va yakshanba) erkin ust-boshda (tanani shaffof ko‘rsatib turadigan, yelka, ko‘krak va qorin, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan, turli din va konfessiyalar hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi kiyimda kelish bundan mustasno) kelishga ruxsat etiladi (rasmiy tadbirlarda ishtirok etishga jalb qilinganlar belgilangan kiyinish tartibi – dress kodga amal qilgan holda keladi).
12-modda. Majlis va yig‘inlarda ishtirok etish
Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari turli tadbirlar (majlislar, tantanali yig‘ilishlar, uchrashuvlar, bayramlar)dagi ishtiroki jarayonida so‘zga chiquvchilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari, tadbir davomida tinchlik va osoyishtalikni saqlashlari shart bo‘lib, raislik qiluvchi va moderatorning ruxsatisiz luqma tashlash va so‘zga chiqish mumkin emas. Zarurat tug‘ilganda nutqlar o‘rtasida majlislar zalidan chiqib-kirish mumkin.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilar Universitet faollari hamda o‘quv jarayoniga bog‘liq masalalar bo‘yicha Ilmiy Kengash yig‘ilishlarida belgilangan tartibda qatnashadi.
13-modda. Binolarda yurish-turish qoidalariga amal qilish
Binolarga kirish va chiqish joylarida, shuningdek, yo‘laklarda o‘ng qo‘l qoidasiga asosan, talabalar xodimlarni, professor-o‘qituvchilarni, erkaklar ayollarni, yoshlar esa kattalarni o‘zlaridan oldin o‘tkazib yuborishlari lozim.
Binoga kirayotgan universitet xodim, professor-o‘qituvchi va talabalari binolarga kirib-chiqishni nazorat qilish uchun tayinlangan mas’ul shaxs yoki navbatchiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (ruxsatnoma, talabalik guvohnomasi, pasport va h.k.) ochiq holda ko‘rsatishlari yoki maxsus berilgan ID-karta va feys-kontrol orqali turniketlardan o‘tishlari shart.
Xodim va professor-o‘qituvchilar universitet hududida yo‘lning o‘ng tomonidan yurishlari, shuningdek, yo‘lak va zallarda mobil aloqa vositalari orqali baland ovozda gaplashmasliklari kerak. Bir-birlariga duch kelganda salomlashishlari, bunda: talabalar xodimlarga, yoshlar kattalarga birinchi bo‘lib salom berishlari tavsiya etiladi.
14-modda. Xodim va professor-o‘qituvchilarning rasmiy muloqot me’yorlari
Universitet xodimi va professor-o‘qituvchilari tashkilot va muassasalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolar bilan o‘zaro munosabatga kirishganda quyidagi rasmiy muloqot me’yor va qoidalariga amal qilishlari kerak:
- o‘z harakatlarini universitet manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirish, uning imijini saqlash va oshirish, universitet, uning xodimlari, professor-o‘qituvchilari nomi va manfaatlariga ziyon yetkazadigan harakatlarni amalga oshirmaslik, shuningdek, ular bilan muloqot qilganda hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi yozishmalarida o‘zlarining namunali xulq-atvori bilan universitet haqida yuksak ijobiy taassurot uyg‘otish;
- Universitet, uning xodim yoki professor-o‘qituvchilari haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yoki noto‘g‘ri talqin qilingan, noto‘g‘ri talqin qilish uchun imkon beradigan ma’lumotlarni tarqatmaslik, bunday ma’lumotlar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, jamoat oldida va ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuda chiqishlar qilmaslik;
- xodim va professor-o‘qituvchilarning roziligisiz ularning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni oshkor qilmaslik;
- xodim va professor-o‘qituvchilar haqida ularning kasbiy va ish faoliyatiga oid bo‘lmagan ma’lumotlarni aniqlashtirmaslik;
- xizmat axborotlarini taqdim etish qoidalariga amal qilish;
- so‘ralgan axborotni yetarlilik (haddan tashqari qisqa, shu bilan birga o‘ta keragidan ortiq) va ishonchlilik (qayta tekshirishni talab qilmaydigan) talablariga muvofiq holda taqdim etish;
- o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida olingan ma’lumotlardan maqsadga muvofiq bo‘lmagan tarzda foydalanmaslik, shuningdek, ularni universitet rahbariyati ruxsatisiz tarqatmaslik;
- xodim va professor-o‘qituvchilarning kasbiy harakatlarini asossiz tanqid qilmaslik, jamoat oldida chiqishlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va turli xil ijtimoiy tarmoqlarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va universitet faoliyati, uning xodimlari harakatlarini haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, asossiz va aniq dalillarga asoslanmagan holda muhokama qilmaslik va ular haqida baho berib, fikr-mulohazalar bildirmaslik.
15-modda. Ish vaqtiga rioya qilish
Xodim va professor-o‘qituvchilar ishga o‘z vaqtida kelishlari hamda mehnat intizomiga, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi talablariga rioya qilishlari shart.
16-modda. Universitetda g‘ayriaxloqiy va nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etishga yo‘l qo‘yilmasligi
Xodim va professor-o‘qituvchilarning universitetda mehnat faoliyatini yuritishiga to‘sqinlik qiladigan quyidagi g‘ayriaxloqiy va nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etishi qat’iyan taqiqlanadi:
- har qanday huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etish, jumladan, tuhmat qilish, haqoratlash;
- giyohvand moddalar, psixotrop, sintetik vositalar va ularning analoglari, alkogol va tamaki mahsulotlari, vayp, chilim, elektron sigaretlar va sarxush qiluvchi boshqa vosita hamda moddalarni iste’mol qilish va tarqatish;
- tinchlik yoki osoyishtalikka qarshi tajovuz qilish, janjallashish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar o‘ynash;
- Universitetga moddiy va uning ishchanlik obro‘yiga salbiy ta’sir etuvchi ma’naviy zarar yetkazish;
- xodim, talabaga jismoniy, ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazish;
- xodim, professor-o‘qituvchi yoki boshqa shaxslarning mulkiga, moddiy qimmatliklariga egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun turli ko‘rinishda egallab olish, basharti ushbu holat tegishli asoslar bilan o‘z tasdig‘ini topsa;
- Universitetning hududi va atrof-muhitini har qanday ko‘rinishda ifloslantirish;
- Universitet binolari va hovlisida, shuningdek, universitet binolariga tutashgan hududda spirtli ichimliklar ichish va tamaki yoxud boshqa turdagi mahsulotlarni chekish hamda mast holda bo‘lish, tashqi ko‘rinishga va ushbu Odob-axloq qoidasida belgilangan qoidalarga zid ravishda sochi o‘sgan va to‘zg‘igan, soqoli olinmagan (yuqorida ko‘rsatilgan uzunlikdan uzunroq), sochlarini noodatiy bir yoki bir necha ranglarga bo‘yalgan va kiyinish talablariga rioya qilinmagan holda kelish;
- Universitetga tegishli kompyuterlarda universitetga tegishli bo‘lmagan ma’lumotlarni, shuningdek, turli kinofilmlar, noqonuniy ma’lumotlar, behayo surat va filmlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, ekstremistik, separatistik va fundamentalistik kayfiyatdagi har qanday materiallarni tayyorlash, ko‘rish, saqlash, tarqatish va ularga da’vat etish;
- o‘quv mashg‘ulotlari va ishga hamda xodim, professor-o‘qituvchi va talabalarning osoyishtaligiga xalaqit beradigan xatti-harakatlar sodir etish (radiouzatkich, televizor, multimedia va ovoz chiqaruvchi moslamalardan maqsadsiz foydalanish);
- xodimlar va professor-o‘qituvchilar tomonidan soxta ma’lumot va hujjatlarni taqdim etish;
- xodimlar va professor-o‘qituvchilar tomonidan universitet hujjatlariga qasddan o‘zgartirish kiritish, imzoni soxtalashtirish yoki ularni yo‘q qilish (bo‘yash, o‘chirish, qo‘shimcha yozuvlar kiritish yoki zarar yetkazish);
- xodimlar va professor-o‘qituvchilarning ish vaqtida universitetning xizmat kompyuterlari, internet tarmog‘i hamda boshqa texnik vositalaridan shaxsiy maqsadlarda, jumladan virtual va onlayn o‘yinlar o‘ynash uchun foydalanishi qat’iyan taqiqlanadi.
- Umumbashariy va milliy qadriyatlarga xos bo‘lmagan yoki universitet, uning xodimlari nufuziga putur yetkazadigan materiallarni Internet tarmog‘i va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish yoki ulardan turli nomuvofiq maqsadlarda foydalanish;
- o‘quv jarayoniga oid qoida va talablar buzilishi bilan bog‘liq holatlar akademik halollikka oid ichki me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi;
- Xodimlar va professor-o‘qituvchilar tomonidan universitetning ishchanlik obro‘yi, qadr-qimmati va nufuzini tushiradigan, ta’lim jarayonining ma’naviy buzilishiga olib keladigan agressiya, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, zo‘rlash va vahshiylik, vandalizm, millatlararo nizo qo‘zg‘atadigan, taqiqlangan diniy yo‘nalishdagi, terrorizm, ekstremizm, va fundamentalizm, shuningdek, behayo va pornografik sahnalarni namoyon qiluvchi fotosuratlar, video va audioyozuvlardan foydalanish va ularning tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek universitet faoliyati, uning xodimlari sha’ni va qadr qimmati hamda ishchanlik obro‘yiga salbiy ta’sir qiluvchi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, asossiz va tekshirilgan dalillarga asoslanmagan turli xil ko‘rinishdagi ma’lumot, fikr, mulohaza va munosabatlarni Internet, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa ommaviy axborot manbalarida, tarqatuvchilarda, tashuvchilarda paydo bo‘lishi (oshkor etilishi) mazkur xodimning universitetda mehnat faoliyatini yuritishiga to‘sqinlik qiladigan g‘ayriaxloqiy va nojo‘ya xatti-harakat hisoblanadi.
5-bob. Universitet rahbariyatining odob-axloqqa oid majburiyatlari va kasbiy faoliyatda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslikka oid tartiblar
17-modda. Universitet rahbariyatining majburiyatlari
Rahbariyat hamda tarkibiy bo‘linma rahbarlari (keyingi o‘rinlarda – rahbar) o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionallik, xolislik, soflik va adolatda o‘rnak bo‘lishi, universitet yoxud uning tarkibiy bo‘linmasida ijobiy, ma’naviy-psixologik muhit shakllanishiga ko‘maklashishi lozim. Rahbar bo‘ysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek, qonunga xilof xatti-harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak.
Rahbar o‘z faoliyatida:
- kadrlarni qarindoshlik, hamshaharlik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish hamda mehnat munosabatlarida kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi;
- guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizmga, shuningdek, o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi;
- qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatmasligi;
- manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishi va ularni tartibga solish yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rishi;
- korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rishi;
- xodimlarning kasbiy va intellektual jihatdan rivojlanishlari uchun qulay ish joyi, zamonaviy kompyuterlar, internet tarmog‘i, kutubxona fondi va axborot resurslaridan erkin foydalanishlari, hordiq chiqarishlari, dam olishlari, jismonan chiniqishlari uchun barcha sharoitlarni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib yaratib berishi;
- xodimlar faoliyatini samarali tashkil etib, o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishi shart.
Rahbar qo‘l ostidagi xodimlarning mehnat intizomiga rioya qilishlarini talab qilishi va uni ta’minlashga mas’uldir.
6-bob. Xodim va talabalarning o‘zaro munosabatlariga oid talablar
18-modda. Xodim va talabalarning o‘zaro munosabatlari
Xodim, talaba va professor-o‘qituvchilarning o‘zaro munosabatlari milliy qadriyat va an’analar, yagona jamoaviy muhit, o‘zaro hurmat va e’tibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga asoslanishi lozim.
Xodim, professor-o‘qituvchi va talabalarning o‘zaro munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik, shaxsiyatni kamsitish, o‘zganing intellektual mulkini o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish qat’iyan man etiladi.
Pedagog xodimlar tomonidan talabalarga nisbatan o‘quv va tarbiya jarayonidagi yuqori talabchanlik shaxsini hurmat qilish bilan birgalikda universitet Kengashi va Odob-axloq Komissiyasining umumiy qarori bilan tasdiqlangan tartib-qoidalar va me’yorlar asosida amalga oshirilishi kerak.
19-modda. Pedagog xodim va talabalarning auditoriyadagi va undan tashqaridagi o‘zaro munosabatlari
Pedagog xodim auditoriyaga kirganida, barcha talabalar o‘rinlaridan turib hurmatlarini bildirgan holda kutib olishlari, so‘ngra pedagog xodim salomlashib, o‘tirishga ruxsat bergach, o‘z joylarini egallashlari kerak. Pedagog xodim darsini tugatib, auditoriyadan chiqib ketayotganda ham talabalar o‘rinlaridan turib, kuzatib qo‘yishlari lozim.
Pedagog xodimlar o‘quv jarayoni va boshqa holatlarda ham talabalarning shaxsini hurmat qilishi, ular bilan muomalada ochiqlik va xayrixohlik tamoyillariga amal qilish, talabalarga ta’lim berish jarayonida o‘z vazifalarini beg‘araz amalga oshirishi, talabaga munosabatda ularni kamsitish, qo‘pol so‘z ishlatish, o‘zini yuqori tutish va tanish-bilishchilik kabi yondashuv shakllarini mutlaqo qo‘llamaslik, ularga nisbatan doimo haqqoniy munosabatda va xolis bo‘lishlari shart.
Pedagog xodimlar talabalarga ularni qiziqtirgan fan yoki o‘quv kursiga oid masalalar yuzasidan dars jarayonidan tashqari vaqtlarda bergan savollariga ham axloq me’yorlariga amal qilgan holda javob qaytarishlari va ularni fanga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqlarini oshirish choralarini ko‘rishlari zarur.
20-modda. Akademik ta’qib va tazyiqqa yo‘l qo‘yilmasligi
Universitet hayotida rahbariyat yoki pedagog xodim tomonidan talabalarni ularning roziligisiz muayyan ishlarga jalb etganlik, haq to‘lamasdan ularning mehnat kuchidan foydalanish (universitet va unga biriktirilgan boshqa hududda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilingan holda ixtiyoriy shanbalik va boshqa turdagi tadbirlar tashkil etilgan hollar bundan mustasno) maqsadida ularga murojaat etilganda, talabalar tomonidan bunday so‘rovga rad javobining berilishi pedagog xodim tomonidan kelgusida ularga dars mashg‘ulotida past baho qo‘yish yoki boshqa turdagi tazyiq va ta’qib (academic harassment) qilish bilan bog‘liq munosabat ko‘rsatilishiga imkon bermaydi va bunday ta’qib qattiq qoralanadi.
21-modda. Uyali aloqa vositalaridan foydalanish
Ish faoliyati davomida xodimlar va professor-o‘qituvchilar xizmat vazifalarini bajarish uchun ichki xizmat telefonlari bilan ta’minlanadi. Ish vaqtida shaxsiy uyali aloqa vositalaridan xizmat faoliyatiga aloqador bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi. Zarur va uzrli holatlarda uyali aloqa vositalaridan foydalanishga tegishli markaz yoki bo‘lim rahbarining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.
22-modda. Subordinatsiya
Rahbar kadrlarga xodimlar tomonidan biron-bir masala yuzasidan vujudga kelgan holatlar bo‘yicha murojaat qilinishi muayyan tartib (subordinatsiya tamoyili), ya’ni munosabat bildirishdagi rahbariyat bo‘g‘inlariga bosqichma-bosqich chiqish asosida tashkil etiladi. Universitet rektoriga xodimlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish holatlari bundan mustasno.
23-modda. Tashabbus va faollik
Xodim va professor-o‘qituvchilarning universitetda ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish, innovatsion g‘oyalardan samarali foydalanish, turli xil manfaatli tadbirlar uyushtirish bo‘yicha tashabbus va g‘oyalari rag‘batlantiriladi.
7-bob. Xodim va professor-o‘qituvchilarning odob-axloqqa oid majburiyatlari
24-modda. Odob-axloqqa oid majburiyatlar
Xodimlar:
- qonun hujjatlari va mazkur Odob-axloq qoidasi talablariga rioya etishga;
- doimo yuksaklikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi oliyjanob fazilatlarni chuqur anglashga;
- odob-axloqqa oid milliy an’analarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni hurmat qilishga;
- o‘z ustlarida doimiy ravishda ishlash va qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini muntazam ravishda o‘rganib borishga;
- o‘z vazifalarini vijdonan, professional darajada amalga oshirishga;
- Universitet obro‘-e’tibori va nufuziga dog‘ tushiradigan har qanday harakatlarni sodir etishdan o‘zini tiyishga;
- Universitet to‘g‘risidagi axborotlardan uning manfaatlari va ishchanlik obro‘yiga ziyon yetkazish maqsadida foydalanmaslikka;
- Universitet mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish (ko‘char va ko‘chmas mulk, o‘simlik va hayvonot dunyosiga va b.), shu jumladan, xizmat vazifasini bajarish uchun berilgan moddiy texnika vositalaridan to‘g‘ri va tejamkor foydalanishga;
- elektr energiyasi va suvni tejamkor ishlatishga;
- biron-bir noxush voqea yoki hodisa ro‘y bersa, u haqda zudlik bilan universitet rahbariyatiga xabar berishga;
- belgilangan cheklovlar va taqiqlarga rioya qilish, o‘z vazifalarini og‘ishmay bajarishga, xodim va professor-o‘qituvchilarning shaxsiy va oilaviy muammolarini muhokama qilmaslikka, hech bir shaxs haqida jinsi, irqi, millati, tili, diniy e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va lavozimi haqida hamda boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar noto‘g‘ri fikr yuritmaslikka va uni kamsitmaslikka;
- xodim va professor-o‘qituvchilar, shuningdek, boshqa shaxslar haqida turli ig‘vo, fitna, g‘iybat va bo‘htonlar uyushtirmaslikka va tarqatmaslikka;
- Universitet ishchanlik obro‘yi yoki nufuziga putur yetkazadigan nizoli vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslikka;
- xodim va professor-o‘qituvchilarning mehnat va o‘quv jarayonidagi sa’y-harakatlariga qasddan ziyon yetkazmaslikka;
- xotin-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar sodir etmaslikka, shilqimlik qilmaslikka, o‘zaro munosabatlarda umume’tirof etilgan axloq qoidalarini mensimaslikda ifodalanuvchi behayo so‘zlardan foydalanmaslikka, universitet hududida ishqiy va jinsiy munosabatlarda bo‘lmaslikka;
- universitet hududida spirtli mahsulotlarni iste’mol qilmaslikka, alohida ajratilgan joylardan tashqarida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilmaslikka;
- davlat organlari va mansabdor shaxslarning, shuningdek, universitet rahbariyatining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan (bergan) qarorlarini (topshiriqlarini) o‘z vaqtida va sifatli bajarishga;
- shaxsiy foydasi hamda o‘zgalar manfaatini ko‘zlab o‘z mavqeini suiste’mol qilmaslikka;
- haqiqatni gapirishga, rahbarlar va boshqa xodimlarni chalg‘itmaslikka;
- mutasaddi xodimlarning ruxsatisiz turli reklama vositalarini o‘rnatmaslikka;
- kasbiy faoliyati davomida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan, ularning oshkor etilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beriladigan axborotning saqlanishi va maxfiyligini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rishga;
- sog‘lom turmush tarzini yuritish va atrofdagilarning sog‘lig‘ini saqlashga g‘amxo‘rlik qilish, estetik va ekologik madaniyatning oshishiga ko‘maklashishga;
- tanqidiy mulohazalarni bildirishga va obyektiv qaror qabul qilishga, o‘z xato va kamchiliklarini anglash va bartaraf etishga;
- moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanganligini turli yo‘llar bilan ataylab ko‘z-ko‘z qilmaslikka;
- Axborot-resurs markazi tomonidan berilgan kompyuter va boshqa asbob-uskunalarga, kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga, u yerda uyali aloqa vositalarini o‘chirib qo‘yish yoki ovozsiz rejimga qo‘yishga, baland ovozda so‘zlashmaslikka va atrofdagilarga xalaqit bermaslikka, oziq-ovqat iste’mol qilmaslik, qog‘oz, saqich va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslikka, kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilishga;
- sport majmuasiga sport kiyimi va poyabzalida kirishga;
- sport inventarlariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga;
- mashg‘ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirishga;
- sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilishga;
- Universitet auditoriyalari, binolari va binolarga tutashgan hududda tozalikni saqlashga;
- hududni ifloslantirmaslikka, chiqindilarni joylarda qo‘yilgan maxsus qutilarga tashlashga;
- shaxsiy avtomobilni taqiqlangan joyda qoldirmaslik, yo‘l harakati qoidalarini buzmaslik va mensimaslikka (beparvo bo‘lish), shuningdek, transport vositalaridan foydalanishda xavf-xatar yaratmaslikka;
- ishdan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka majbur.
25-modda. Odob-axloqqa oid qo‘shimcha talablar
Xodimlar:
- o‘z xizmat joyidagi tartib-intizomga va universitet ichki tartib qoidalariga rioya qilishga;
- ta’tildan oldin yoki mehnat shartnomasi bekor qilinganda o‘z xizmat joyini talabga javob beradigan holatda qoldirishga, o‘z zimmasidagi orgtexnika vositalari va boshqa materiallarni, o‘ziga topshirilgan, lekin hali yakunlanmagan vazifalarni boshqa shaxsga topshirmaslikka;
- telefon orqali muloqot qilishda muomala madaniyati va axborot taqdim etish qoidasiga rioya qilishga (jumladan, suhbatni eng avvalo rasmiy tarzda salomlashishdan boshlash, so‘ng o‘z xizmat muassasasi, lavozimi hamda familiyasi, ismi, sharifini aytib, maqsadga o‘tish lozim, taqdim etilayotgan axborot maksimal qisqa, lo‘nda va aniq bo‘lishi kerak, so‘ralayotgan ma’lumot suhbat jarayonida izlanishi tufayli telefon tarmog‘ini band qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, zarurat bo‘lsa, qayta qo‘ng‘iroqni amalga oshirish mumkin);
- yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga;
- yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan ekstremistik ta’sirlardan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan ogoh etib borishga;
- ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda va ma’rifiy ishlarning samarali shakl hamda uslublarini ishlab chiqishga ko‘maklashishga;
- o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga shubha tug‘diradigan xatti-harakatlarni qilmaslikka, talabalar bilan o‘z hamkasblarini kasbiy va shaxsiy kamchiliklarini muhokama qilmaslikka;
- ta’lim oluvchilarga nisbatan tazyiq o‘tkazish, tegajoqlik va zo‘ravonlik qilish kabi sha’n va qadr-qimmatini kamsitadigan nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etmaslikka;
- talabaga nisbatan adovatga bormaslikka;
- Universitet faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlarni oshkor qilmaslikka, konfidensial qoidalarga rioya qilishga;
- akademik guruhda (kursda) talabalar xulqining umumiy madaniy holati haqida o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektorga kerak bo‘lgan hollarda ta’sir choralari ko‘rish lozimligi yuzasidan yozma ma’lumot taqdim etish kabi talablarni bajaradilar.
8-bob. Rag‘batlantirish va chora ko‘rish tartibi
26-modda. Xodimlarni rag‘batlantirish
O‘quv yili davomida mazkur Qoidaga to‘la rioya qilgan, universitetda yuksak ma’naviy-axloqiy muhitning yanada qaror topishi va mustahkamlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan xodimlar rahbariyat, professor-o‘qituvchi va boshqa tarkibiy bo‘linma rahbarlari tavsiyasiga binoan belgilangan tartibda moddiy yoki ma’naviy rag‘batlantirilishlari mumkin.
27-modda. Odob-axloq qoidasiga rioya qilishning attestatsiya va boshqa jarayonlar uchun ahamiyati
Xodimlar tomonidan mazkur odob-axloq qoidalariga rioya etilishi attestatsiyalar o‘tkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash (kareraviy o‘sish) uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.
28-modda. Odob-axloq qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Universitet xodim va professor-o‘qituvchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va mazkur Odob-axloq qoidalarining buzilishi uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
29-modda. Odob-axloq qoidasi va ichki tartib-qoidalarning o‘zaro munosabati
Xodim va professor-o‘qituvchilar mazkur Qoidani buzganida, ularga nisbatan Universitet Ichki tartib qoidalarining VII bobida (Mehnat va o‘qish intizomini buzganlik uchun javobgarlik) qayd etilgan choralar qo‘llaniladi.
9-bob. Odob-axloq Komissiyasi faoliyatini tashkil etish
30-modda. Odob-axloq Komissiyasi
Mazkur Odob-axloq qoidasi normalarining xodimlar va professor-o‘qituvchilari tomonidan buzilishiga oid masalalar, qoida tariqasida, Odob-axloq Komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.
Shuningdek, Odob-axloq Komissiyasi, qoida tariqasida, universitet rektorining ko‘rsatmasi bo‘yicha, xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, o‘z tashabbusi bilan Universitet xodimi, talabasi va professor-o‘qituvchilaridan, shuningdek, universitetga aloqa kanallari orqali kelib tushgan axborot yoki murojaat asosida ham ushbu turdagi masalalarni ko‘rib chiqishi mumkin.
Odob-axloq Komissiyasi kamida 5 kishidan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladi. Odob-axloq Komissiyasining maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va uning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq boshqa masalalar universitet rektori tomonidan tasdiqlangan Odob-axloq Komissiyasi to‘g‘risidagi nizomda belgilanadi.
31-modda. Odob-axloq Komissiyasi qarori
Odob-axloq qoidalarining buzilish holatlarini Odob-axloq Komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha intizomiy yoki boshqa tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda universitet rektoriga ko‘rib chiqishi uchun qoidabuzar xodim va professor-o‘qituvchini javobgarlikka tortish to‘g‘risida taklif kiritiladi. Yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xususiyatini hisobga olgan holda Odob-axloq Komissiyasi xodim va professor-o‘qituvchiga nisbatan Odob-axloq qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.
Odob-axloq qoidalariga rioya etmagan xodim va professor-o‘qituvchini intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha buyruq loyihasi Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor (talabalarga nisbatan), Xodimlar bo‘limi (xodimlarga nisbatan) tomonidan tayyorlanadi.
Odob-axloq qoidalariga rioya etmagan xodim va professor-o‘qituvchilarga nisbatan maxsus Komissiyaning qaroriga asosan, universitet rektorining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligiga muvofiq choralar qo‘llaniladi.
Xodim va professor-o‘qituvchilar o‘zlari yo‘l qo‘ygan qoida buzilishi, qoida buzilishining ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va o‘zini himoya qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek, universitet qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadirlar.
32-modda. Jamoatchilik nazorati
Xodim va professor-o‘qituvchilarning xulq-atvori ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida, mazkur Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holatlari Kasaba uyushmasi qo‘mitasi, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari va universitet ma’naviyat va ma’rifat kengashida ham muhokama qilinishi amaliyoti joriy etilishi mumkin.
10-bob. Yakuniy qoida
33-modda. Odob-axloq qoidalarining kuchga kirishi hamda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish
Mazkur Odob-axloq qoidalari Toshkent shahridagi Inha universiteti Ilmiy kengashi va Odob-axloq Komissiyasining umumiy yig‘ilishida muhokama qilinadi hamda universitet rektorining buyrug‘i asosida kuchga kiradi va unga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish rektorning buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.