O‘zbekistonda yuklarni tashish uchun elektron platforma yaratiladi

 
  8 yanvar kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zavtotrans» agentligi birgalikda xalqaro multimodal transport-logistika markazining elektron platformasini yaratish to‘g‘risidagi loyihani ishlab chiqish borasida qaror qabul qildi.
 
Loyihada yuklarni eksport-import qilishda transportda tashish bilan bog‘liq ma’lumotlarni to‘plash, ishlov berish va tahlil qilish, shuningdek ularni tezkor va o‘rta muddatli rejalashtirish, eksport-import yuklarni tashishda transportda tashish va omborga joylashtirishni qulaylashtirish, transport xarajatlarini qisqartirish, kelishtirish hisobiga yetkazib berish va ombor operatsiyalarining samaradorligini oshirish, logistika jarayonini barcha ishtirokchilarning aniq hisob-kitoblar va oqilona harakatlar yagona elektron platformasini yaratish ko‘zda tutilgan.
 
Elektron platformani yaratish bo‘yicha harakatlarni birlashtirish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov hamda «O‘zavtotrans» agentligi boshlig‘i Davron Dehqonov hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. 
 
O‘z navbatida Toshkent shahridagi Inha universiteti «O‘zavtotrans» agentligi xodimlari bilan birgalikda universitet professor-o‘qituvchilari, talabalarni jalb qilgan holda platformadan foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar, qisqa muddatli o‘qish, malakaviy seminarlar, treninglar, master-klasslarni tashkil etadi.