Seul shahrida Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT-Park hamkorligida tashkil etilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Seul shahrida Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT-Park hamkorligida tashkil etilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ochilishida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o‘z nutqida Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda AKT sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, IT kompaniyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, joriy etilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning yirik IT-kompaniyalari vakillari hamda Koreya Respublikasi Xavfsizlik va ichki ishlar vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Kim Nam Seok O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamligi har ikki davlat uchun ham katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Janob Kim Nam Seok 2013-2017-yillarda O‘zbekiston Respublikasi AKT vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Tadbir davomida Toshkent shahridagi Inha universiteti vakillari O‘zbekistonda hamkorlikda amalga oshirilayotgan ta’lim yutuqlarini taqdim etdilar, shuningdek, TDIU qoshidagi GEO2 Global kompaniyasi vakillari uning muvaffaqiyatli rivojlanishi haqida so‘zlab berishdi.
Shuningdek, tadbirda 72 korxona va tashkilot rahbarlari, jami 130 dan ortiq mehmonlar ishtirok etdi.