TshIU, Gruziya universiteti va Integra kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi

2022-yil 20-yanvar kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti delegatsiyasining Gruziyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakili Timur Abdullayev va Kiberxavfsizlik assotsiatsiyasi vakili Lado Svanadze ishtirokida Gruziya universiteti rektori Konstantin Topuriya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida hamkorlikning quyidagi yo‘nalishlari belgilab olindi:
– teletibbiyot sohasida hamkorlik;
– xalqaro akkreditatsiya bo’yicha birgalikdagi harakatlar;
– tadbirkorlik sohasida qo‘shma MBA dasturini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganish;
– xalqaro ilmiy, tadqiqot va tijorat loyihalarida faol hamkorlikda ishtirok etish;
– kiberxavfsizlik sohasida trenerlar tayyorlashni tashkil etish bo’yicha tadbirlarni amalga oshirish.
Uchrashuv yakunida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, TshIU delegatsiyasi uchun Gruziya universitetiga sayohat uyushtirildi.
Shu kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti vakillari Integra kompaniyasi direktori Igor Tolotovskiy bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida quyidagi mavzular muhokama qilindi:
– Integra kompaniyasining O‘zbekistonda vakolatxonasini ochish;
– Integra mutaxassislarini jalb qilgan holda kompyuter tarmoqlari va IT-ga asoslangan texnologiyalar bo‘yicha laboratoriyalarni ishga tushirish;
– kompaniyada bandlik imkoniyatlarini yaratish doirasida TshIU talabalari uchun kompaniya taqdimotini tashkil etish;
– talabalar uchun qo’shma onlayn kurslarni va turli IT sohalarida korporativ tijorat kurslarini amalga oshirish.